3 oktabr kuni biz Turkiy davlatlar hamkorlik kuni hamda Tashkilotimizga asos solgan tarixiy Naxichevan bitimi imzolanganining 16-yilligini nishonlamoqdamiz.
Ushbu kun nafaqat tuzilmaviy taraqqiyotimizni, balki turkiy xalqlarning abadiy birligi, hamjihatligi va qardoshligini ham aks ettiradi. O‘tgan o‘n olti yilda Turkiy davlatlar tashkiloti keng qamrovli hamkorlik platformasiga aylandi. Dastlab ayrim ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratish bilan boshlangan ishlar izchil kengayib, hozirda deyarli 40 ta turli faoliyat yo‘nalishlarini qamrab olgan. Iqtisodiyot, transport, bojxona, energetikadan tortib, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport, raqamlashtirish, innovatsiyalar, ekologiya, xavfsizlik kabi sohalarda hamkorligimiz ko‘lami yildan yilga tobora kengayib, rivojlanib bormoqda.
Bu yuksak muvaffaqiyat umumiy qarashlarimizni aniq harakatga aylantirish, tarix va madaniyat rishtalarini hamjihatlik va taraqqiyotning amaliy vositalariga aylantirish yo‘lidagi umumiy intilishimizni namoyish qilmoqdadir. Davlat rahbarlarining qat’iy va salmoqli qarashlari, tashqi ishlar vazirlarimizning tajribali yo‘lyo‘riqlari, a’zo va kuzatuvchi davlatlarimizning barcha vazirliklari, muassasalari va tashkilotlarining faol sa’y-harakatlarisiz bu taraqqiyotga erishib bo‘lmas edi. Ularning fidokorona mehnati va hissasi tashkilotimiz muvaffaqiyatlari va xalqlarimiz o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashning eng katta harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi.
Shuningdek, fursatdan foydalanib, Qirg‘iziston Respublikasining o‘tgan yilgi muvaffaqiyatli raisligi davrida tashkilotimiz yil davomida muhim tashabbuslarni amalga oshirgani va o‘z kun tartibini ilgari surganini alohida ta’kidlamoqchiman. Qirg‘iziston rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirgan holda, 2025-yil 7-oktabr kuni tashkilotga raislik Ozarbayjon Respublikasiga o‘tkaziladigan Davlat rahbarlari kengashining 12-sammitini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Ishonchimiz komilki, Ozarbayjon bu barqaror an’anani yanada rivojlantiradi va kelgusida hamkorligimizni yanada kengaytiradi. Bu kunni nishonlar ekanmiz, biz kelajakka ham ishonch bilan qaramoqdamız.
TDT siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va madaniy almashinuvni ilgari surishda davom etishi bilan birga xalqaro maydonda mushtarak ovozimizni oshirmoqda. Shu munosabat bilan a’zo va kuzatuvchi davlatlarimiz xalqlari va hukumatlariga eng samimiy tabriklarimni hamda chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Umid qilamanki, birlik va barobarligimiz, hamjihatligimiz davom etadi. Hamkorligimiz yanada chuqurlashadi, yakdil qarashlarimiz bizni tinchlik, barqarorlik va farovonlik sari yetaklaydi.
Turkiy davlatlar hamkorligi kuni muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Elchi, Kubanichbek O‘muraliev
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi










