Turkiy Akademiya 2012-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya tomonidan Turkiy Davlatlar Tashkiloti huzurida xalqaro tashkilot sifatida tashkil etilgan.
Turkiy Akademiya turkiy xalqlarning tili, adabiyoti, madaniyati, tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, turkiy sivilizatsiyaning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini mahalliy manbalarga asoslangan holda baholash maqsadida tashkil etilgan. Ostona shahrida joylashgan Akademiyaga Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarning ta’lim vazirlari, Turkiy Akademiya prezidenti va vitse-prezidentlaridan iborat Ilmiy Kengash rahbarlik qiladi. Akademiyaning ijroiya organi vazifasini hozirgi prezident Shahin Mustafayev bajaradi. 2018-yil 3-sentabrda Cholpon-Atada bo‘lib o‘tgan OTSning 6-sammitida Vengriyaga kuzatuvchi maqomi berilgan.
Akademiyaning asosiy vazifasi – turkiy xalqlarning tarixi, etnografiyasi, tillari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni olib borish hamda a’zo davlatlardagi ta’lim muassasalari uchun umumiy darslik va o‘quv materiallarini tayyorlashdan iborat.
Akademiya 90 dan ortiq nashrni e’lon qilgan bo‘lib, umumiy tarix, adabiyot, geografiya darsliklarini yaratish orqali turkiy davlatlarning umumiy tarixini, madaniyatini va merosini targ‘ib qilish ustida ishlamoqda. Akademiya, shuningdek, “Turkiy Barometri” deb nomlangan ijtimoiy tadqiqot loyihasini amalga oshirmoqda. Akademiya tomonidan olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar va qazilmalar Mo‘g‘ulistonda turkiy davrga oid qadimiy yodgorliklarning topilishiga olib kelgan.
Batafsil ma’lumot Akademiyaning rasmiy veb-saytida mavjud: https://Turkiyacademy.org/en




